Yangiliklar
Yangiliklar
2024-09-06
Tumandagi yoshlarni xorijiy tillarga oʻqitish orqali xorijiy davlatlarga kafolatlangan ishga yuborishni yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida Qamashi tumani hokimi qarori qabul qilindi.
Unga koʻra xorijiy davlatlarda ishlash istagida boʻlgan shaxslarni talab yuqori boʻlgan xorijiy tillar (ingliz, nemis, rus tili)ga oʻqitish, sertifikatlar olish hamda ularning til bilan shugʻullanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar belgilandi.
2024-yil 10-sentyabrdan boshlab tumanda joylashgan 2-sonli kasb-hunar maktabida mehnat migrantlari uchun kamida olti oy muddatga ingliz, nemis va rus tillariga oʻqitish tashkil etiladi.
Oʻquv kurslarida mashgʻulotlarni oʻtkazish uchun kamida “B2” darajasidagi sertifikatga ega boʻlgan xorijiy til oʻqituvchilari jalb qilinadi.
Ushbu oʻqituvchilarning ish haqlari Yoshlar ishlari agentligining yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi va mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.
Darslar 5 kun, haftaning dushanba-juma kunlari oʻtkaziladi. Oʻquv kurslari bepul.
Oʻqish va chet davlatga chiqish istagida boʻlgan fuqarolar mahallalardagi hokim yordamchilariga murojaat qilishi yoki tuman kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimiga murojaat qilishi mumkin.