Yangiliklar
Yangiliklar
2023-08-22
Kuni kecha hokim yordamchilari uchun “Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Xitoy tajribasi” mavzusiga bag‘ishlangan onlayn seminari boshlandi.
Tadbir Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasi, Xitoydagi kambag‘allikni qisqartirish xalqaro markazi va Birlashgan millatlar tashkilotining Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Mazkur seminar joriy yilning 21-25 avgust kunlari onlayn formatda o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi va uning joylardagi tuzilmalari xodimlari hamda 9 222 nafar hokim yordamchilari ishtirok etmoqda.
Ushbu seminar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 12 iyundagi farmonining ijrosini ta'minlash maqsadida hamda O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi va Xitoydagi kambag‘allikni qisqartirish xalqaro markazi o‘rtasidagi anglashuv memorandumi, O‘zbekistonning kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha delegasiyasining Xitoyga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar asosida tashkil qilinmoqda.
Ma'lumki, Xitoy Xalq Respublikasi dunyo mamlakatlari o‘rtasida kambag‘allikni qisqartirish sohasida yetakchi mamlakat hisoblanib, Hukumat tomonidan amalga oshirilgan ishlar kambag‘allik ustidan g‘alaba qozonishga olib kelgan. Bugungi kunda Xitoydagi kambag‘allik darajasi 0,5-1 foizni tashkil etadi. Holbuki, ushbu ko‘rsatkich 20 -asrning 70-80-yillarida 70 foizdan yuqori bo‘lgan. Bu esa mamlakatda kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha joriy etilgan manzilli ishlarning yuqori samaradorligini bildiradi va jahon hamjamiyati uchun bebaho tajriba sifatida e'tirof etiladi.
Mazkur seminarning maqsadi ishtirokchilarga Xitoyning kambag‘allikni qisqartirish sohasida amalga oshirgan chora-tadbirlari, aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘llanilgan manzilli instrumentlari va kambag‘al aholi qatlamlari bilan individual tarzda ishlash mexanizmlari kabi tajribasini o‘rgatish hisoblanadi.
Seminarni tashkil etish natijasida hududlardagi barcha hokim yordamchilarida kambag‘allikni qisqartirish tushunchasi va unga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro tajriba kabi ko‘nikmalar shakllantiriladi. Jumladan, hokim yordamchilari:
– Kambag‘allik tushunchasi, uning sabablari, aniqlash metodikasi hamda unga qarshi kurashishdagi samarali instrumentlar;
– Kambag‘al oilalar bilan ishlash, ularning xohish va istaklarini aniqlash;
– Kambag‘al va ishsiz aholi qatlamlarining aniq istaklaridan kelib chiqib kasb-hunarga o‘qitish uchun yo‘naltirish va natijada tadbirkorlikka jalb etish hamda bandligini ta'minlash;
– Xitoyning mahalla darajasida kichik sanoat va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarish, yangi ishlab chiqarish liniyalari hamda yordam turlarini diversifikasiya qilish kabi tushunchalarni o‘rganadi.
Natijada, hokim yordamchilari har bir kambag‘al oilaga individual yondashishi, yangi innovasion mexanizmlarni qo‘llashi va oilalarni kambag‘allikdan chiqishiga qo‘shimcha dastak bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.