Yangiliklar
Yangiliklar
2026-01-06
Kasbi tumanining Jizza qishlog‘ida istiqomat qiluvchi, 73 yoshni qarshilagan To‘ra hoji Doniyorov bugun ham mehnat maydonida faol. Nafaqada bo‘lishiga qaramay, u kishi bekorchilikni o‘ziga ep ko‘rmay, samarali faoliyat olib bormoqda (https://t.me/Qashqadaryodabandlikyangiliklari/9968).U rahbarlik qilayotgan “To‘ra Asl Asali” sabzavotchilik fermer xo‘jaligida turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilmoqda. Xususan, otaxon 10 sotix yerda barpo etilgan issiqxonada banan yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan.Ikki yil avval Andijon viloyatining Buloqboshi tumanidan olib kelingan 250 tup banan ko‘chati bugun mo‘l hosil bermoqda. O‘tgan yili bananlar hosilga kirib, ko‘chatlar orasiga ekilgan bodring bilan birgalikda yaxshi daromad keltirdi. Hozirda issiqxonada 1000 tupga yaqin banan ko‘chati baravj rivojlanmoqda.
“Banan yetishtirishning ham o‘ziga yarasha mehnati bor. Mutaxassislarning tavsiyasi asosida ish tashkil etilsa ko‘zlangan natijaga erishiladi. Bizning sharoitimizda har bir tup nihol 20-30 kilogrammgacha hosil beradi. O‘zimizda yetishtirilgani chetdan olib kelinadigan bananlardan ancha mazali. Xaridori koʻp. Nihollari tez koʻpayadi”Shuningdek, u yana 15 sotix yerda yangi issiqxona qurib, limon yetishtirishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Fermer xo‘jaligi hududida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, parvarishlanmoqda.
Xo‘jalikda parrandachilik ham yo‘lga qo‘yilgan. Yaqinda 5 tonnadan ortiq tovuq go‘shti mahalliy bozorlarga yetkazib berildi. Hozirda 6 ming dona jo‘ja parvarishlanib, ularning belgilangan vaznga yetishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
To‘ra hoji Doniyorov turmush o‘rtog‘i Zubayda hoji Safarova bilan birga mehnat va halol rizqdan bahramand bo‘lib, el-yurt e’zozida yashamoqda.